O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti
Dush-Juma : 09.00 AM-06.00 PM
Bosh sahifa hududiy-ozgarishlar Andijonda jinoyatchilikning oldini olishga qaratil...
hududiy-ozgarishlar

Andijonda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalari natijalari muhokama qilindi

24.08.2026

Tadbirning birinchi masalasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-iyuldagi 445-son qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan Andijon viloyatida amalga oshirilgan “Andijon viloyati jinoyatchiligini tadqiq qilish” hamda “Qasddan badanga yengil shikast yetkazish jinoyatining salbiy tendensiyalari va omillarini bartaraf etish” nomli ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalari natijalari taqdim etildi va ularni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Muhokama davomida mazkur loyihalar doirasida ilgari surilgan taklif va tavsiyalar, ilmiy tadqiqotlar davomida aniqlangan xulosalar hamda jinoyatchilikka ta’sir etuvchi omillar bo‘yicha olingan natijalar amaliyot bilan uyg‘unlashtirilgan holda tushuntirildi. Loyihalarda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amaliyotga joriy etish mexanizmlari va ulardan jinoyatchilikning oldini olishda samarali foydalanish usullari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, mazkur tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-21-son Farmoni ijrosini ta’minlash, Ichki ishlar vazirining 2026-yil 17-iyulda tasdiqlangan 40/19-son reja-topshirig‘i doirasida belgilangan vazifalarni joylarda samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy seminar-trening o‘tkazildi.

Mashg‘ulotda Andijon viloyati IIB sohaviy xizmat boshliqlarining o‘rinbosarlari, axborot-tahlil yo‘nalishidagi mas’ul xodimlar ishtirok etdi. Shuningdek, shahar va tuman ichki ishlar organlarining shtab boshliqlari hamda tegishli o‘rinbosarlari videokonferensaloqa orqali tadbirga jalb etildi.

Seminar-treningda xodimlarga strategik rejalashtirish va tahlilning zamonaviy usullari – SWOT, PESTEL, stress-testing, ssenariy tahlili va boshqa yondashuvlardan foydalanish bo‘yicha amaliy tushunchalar berildi. Mazkur usullar orqali hududdagi mavjud tahdid va imkoniyatlarni baholash, jinoyatchilikning ehtimoliy o‘sish nuqtalarini aniqlash, xavflarni oldindan baholash hamda mavjud resurslarni ustuvor yo‘nalishlarga maqsadli yo‘naltirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, tadbirda Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan Andijon viloyatida kelgusi yillarda o‘sishi ehtimoli bo‘lgan ayrim jinoyat turlari bo‘yicha ilgari surilayotgan prognoz va tahliliy xulosalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Mazkur prognozlardan strategik rejalarni shakllantirish, profilaktik chora-tadbirlarni oldindan belgilash va jinoyatchilikning ehtimoliy salbiy tendensiyalariga nisbatan ta’sirchan choralarni ishlab chiqishda foydalanish bo‘yicha fikr almashildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti ilmiy xodimlari tomonidan ichki ishlar organlarida strategik rejalashtirish va rivojlantirish, belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish, ularning ijrosini aniq natijalar asosida baholash hamda natijadorlikni ta’minlash bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Muhokamalar yakunida ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy qilish, hududdagi kriminogen vaziyatni strategik tahlil qilish, aniqlangan muammolar va ehtimoliy xavflarni barvaqt aniqlash, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan profilaktik choralarni kuchaytirish hamda kelgusi davr uchun ustuvor vazifalarni belgilash yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarning savollariga javob berildi, hududdagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.

Bog'lanish
Ortga Bosh sahifa