O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan davlat maqsadli dasturi doirasida amalga oshirilayotgan «Sodir etilgan jinoyatlarning sabab va sharoitlarini tahlil qilish asosida jinoyatlarning barvaqt oldini olishga qaratilgan milliy “Criminology AI” — sun’iy intellekt texnologiyasini ishlab chiqish» ilmiy-amaliy tadqiqot loyihasi doirasida Institut delegatsiyasining Singapur Respublikasiga xizmat safari amalga oshirildi.
Amaliy tashrif davomida delegatsiya a’zolari Singapur politsiya kuchlari hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirish agentligi — Home Team Science and Technology Agency mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, kriminogen xavflarni baholash va prognozlash tizimlarini qo‘llash bo‘yicha Singapurning ilg‘or tajribasi o‘rganildi.
Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini raqamlashtirish, tahliliy ma’lumotlar asosida tezkor va asoslantirilgan boshqaruv qarorlarini qabul qilish, zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish hamda idoralararo ma’lumot almashinuvini takomillashtirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muloqotlar jarayonida milliy «Criminology AI» platformasini ishlab chiqishda Singapur tajribasidan samarali foydalanish, ikki davlat mutaxassislari o‘rtasida ilmiy va amaliy tajriba almashish, jinoyatlarning sabab va shart-sharoitlarini kompleks tahlil qilish hamda kriminogen xavflarni barvaqt aniqlash imkonini beruvchi innovatsion yechimlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur amaliy tashrif natijalari O‘zbekistonda jinoyatchilikni ilmiy asosda tahlil qilish, prognozlash va barvaqt profilaktika qilishning zamonaviy raqamli mexanizmlarini shakllantirish, shuningdek, milliy «Criminology AI» texnologiyasini xalqaro ilg‘or tajribalar asosida ishlab chiqishga xizmat qiladi.